Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro istiqomat qilayotgan mahalla gazlashtirilgan bo‘lsa-da, 4 yil avval qurilgan uyiga tabiiy gaz ulash bo‘yicha tegishli idoralarga bir necha bor murojaat qilgan. Biroq u 8 oy davomida turli bahonalar bilan sarson qilingan va muammo yechimini topmagan. Shu bois, u Ombudsmanga murojaat qilgan va mahalliy gaz taʼminoti idoralarining munosabatidan noroziligini bildirgan.
Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, o‘rganish ishlari amalga oshirildi. Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan masʼul tashkilotlar bilan olib borilgan ishlar natijasida fuqaroga hisob raqami ochilib, xonadoniga tabiiy gaz ulab berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati