Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Mamlakatimizning bir qator hududlarida “Ombudsman maktabi” doirasida aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi
Joriy yilning oktabr oyida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) mintaqaviy vakillari tomonidan mamlakatimizning bir qator hududlarida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” platformasi doirasida ochiq muloqotlar davom ettirildi.

Navbatdagi uchrashuvlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumani, Andijon viloyatining Paxtaobod tumani, Buxoro viloyatining Olot tumani, Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumani, Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumani va Shirin shahri, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani, Farg‘ona viloyatining Furqat va Beshariq tumanlari hamda Xorazm viloyatining Yangibozor va Hazorasp tumanlarida tashkil etildi.

Tadbirlarga Mo‘ynoq tumanidagi “Orol”, “Jayhun” va “Do‘stlik”, Paxtaobod tumanidagi “Qashqar”, “Mash’al”, “Sangraobod”, “Navro‘z” va “Qorashoh”, Olot tumanidagi “Soinqorovul”, “Xalfa”, “Bunyodkor”, “Burjoq” va “Asajam”, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Obod”, “Beshbuloq”, “Qo‘riq”, “Qorasuv” va “Yuksalish”, Sirdaryo tumanidagi “Beshbuloq” va “Istiqlol”, Shirin shahridagi “Do‘stlik” va “Farhod”, Sherobod tumanidagi “Choyinchi”, “Chuqur”, “Qishloq bozor”, “Do‘stlik” va “G‘ambur”, Furqat tumanidagi “Yangi”, “Tomosha”, “G‘allakor” va “Eski”, Beshariq tumanidagi “Qum”, “Qiyali”, “Uzun” va “Beshsari”, Yangibozor tumanidagi “Oltinko‘l”, “Pahlavon Mahmud”, “Mang‘itlar”, “Bo‘ston”, “Shirinlar”, “Guliston”, “Navro‘z”, “Hamid Olimjon”, “Shoirlar”, “Xalqobod”, Hazorasp tumanidagi “Qovunchi”, “Bo‘ston”, “Ishchilar”, “Ming otliqlar”, “Navro‘z”, “Yangi hayot”, “Pichoqchi” nomli mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi jalb etildi.

Ushbu tadbirlarda mahalla fuqarolar yig‘inlarining 800 nafardan ortiq fuqarolari qamrab olindi.

Ochiq muloqotlar davomida xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, noqonuniy migratsiya va odam savdosiga qarshi kurashish, majburiy mehnatdan jabrlangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya va mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, tibbiy sug‘urta va pensiya ta’minoti, ish bilan ta’minlash, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, mulkiy huquqlarni himoya qilish, kiberjinoyatchilik va moliyaviy firibgarlikning oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda davlat hisobidan yuridik yordam olish tartibi kabi masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Muloqotlar davomida fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tegishli tashkilotlar vakillaridan to‘laqonli javob va huquqiy maslahatlar oldilar.

Ochiq muloqotlar aholining huquqiy bilimlarini oshirish, mavjud muammolarni muhokama qilish va huquqiy maslahatlar olish imkonini berdi.

“Ombudsman maktabi” platformasi aholi bilan davlat organlari o‘rtasida ochiq muloqotni kuchaytirish, fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirish hamda murojaatlarda ko‘tarilayotgan masalalarga manzilli yondashishga xizmat qilmoqda.