Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Namangandagi jazoni ijro etish koloniyasida tibbiy ko‘rik va sayyor qabul o‘tkazildi
2026-yil 22-oktabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan 6-son jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi.

Tashrif doirasida mahkumlar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik, “Ombudsman maktabi” loyihasi asosida ochiq muloqot va sayyor qabul tashkil etildi.

Xususan, mahkumlarning salomatligini tekshirish maqsadida kardiolog, nevropatolog, psixiatr, oftalmolog, otorinolaringolog, endokrinolog va jarroh kabi tor soha mutaxassislari jalb etildi. Shuningdek, ultratovush va elektrokardiografiya tekshiruvlari o‘tkazildi.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, tibbiy ko‘riklar doirasida jami 376 nafar mahkum tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 23-oktabr kuni esa 200 nafar mahkum EKG tekshiruvidan o‘tkazildi. Tekshiruvlar natijasida ayrim mahkumlarga qo‘shimcha davolanish, jumladan, ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida muolaja olish va rejali jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish tavsiya etildi.

Tashrif davomida 300 nafardan ortiq mahkum ishtirokida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda Ombudsmanning mintaqaviy vakili, Pop tumani adliya bo‘limi, Yoshlar ishlari agentligining tuman bo‘limi hamda “Madad” huquqiy maslahat markazi Pop tuman byurosi vakillari ishtirok etdi.

Muloqot davomida mahkumlarga ularning huquq va qonuniy manfaatlari, jazoni o‘tash davridagi huquqiy kafolatlar, ozodlikka chiqqandan so‘ng davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy, tibbiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash choralari, shuningdek, probatsiya nazoratining tartibi hamda ushbu jarayondagi huquq va majburiyatlari yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan sayyor qabulda 20 nafardan ortiq mahkumning murojaatlari tinglandi. Murojaatlar asosan sud qarorlari, oilaviy va boshqa huquqiy masalalarga oid bo‘ldi. Ularning ayrimlari yuzasidan joyida huquqiy tushuntirishlar berilib, qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murojaatlarni vakolatli tashkilotlarga yuborish belgilandi.

Monitoring davomida koloniyaning yashash sharoitlari, tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlari va kasb-hunarga o‘qitish imkoniyatlari ham o‘rganildi. Shuningdek, muassasaning turkumlarida 270 nafardan ortiq mahkum bilan umumiy suhbatlar o‘tkazilib, Ombudsman qutilariga kelib tushgan ariza va shikoyatlar olindi. Murojaat qilgan mahkumlar bilan yakka tartibda suhbatlar tashkil etilib, ular ko‘targan masalalar o‘rganildi.