Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Varshavada inson huquqlari sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026 yilning 1 iyun kuni Varshavada xizmat safarida bo‘lib turgan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) F. Eshmatova boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) direktori Mariya Telalian bilan uchrashishdi.

O‘zaro muloqot chog‘ida Ombudsman institutining faoliyati, fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilayotgan ijobiy natijalar haqida fikr almashildi.

Uchrashuvda Ombudsman instituti faoliyatida fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokining ahamiyati, shuningdek, aholining huquqiy xabardorligini oshirish, inson huquqlari sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarning dolzarbligi ta’kidlandi.

YEXHT DIIHB direktori Mariya Telalian O‘zbekistondagi amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy baholab, mamlakatda inson huquqlarini ta’minlash sohasida erishilayotgan natijalarni e’tirof etdi. U Ombudsman faoliyatiga ham to‘xtalar ekan, institut faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga soluvchi qonunchilik asoslarining mustahkamlangani hamda inson huquqlarini himoya qilish, qiynoqlarning oldini olish va jamoatchilik bilan ochiq muloqotni ta’minlash borasidagi ustuvor yo‘nalishlar muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish sohasida tajriba almashish, o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.