Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman taqdimnomasiga ko‘ra, Qoraqalpog‘istondagi ta’mirtalab hushyorxonalarni ko‘chirish choralari ko‘rilmoqda
Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili tomonidan Nukus shahar va Qonliko‘l tumani tibbiyot birlashmalari tarkibida tashkil etilgan mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tumanlararo punktlari (hushyorxona), Amudaryo tumani ichki ishlar bo‘limi vaqtincha saqlash hibsxonasi, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi mintaqaviy filiali, shuningdek, Chimboy tumanidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar erkaklar internat uyida yashovchilarga yaratilgan sharoitlarni o‘rganish yuzasidan monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Monitoring tashriflari davomida quyidagi kamchiliklar ma’lum bo‘ldi.

Jumladan, Nukus shahar va Qonliko‘l tumanidagi hushyorxonalar xonalari ta’mirtalab holatda bo‘lib, sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasligi aniqlandi. Shuningdek, Qonliko‘l tumanidagi hushyorxona punktida yuvinish xonalarining yo‘qligi, tibbiyot buyumlari va dori vositalari bilan to‘liq ta’minlanmagani aniqlandi. Maishiy ta’minot va qo‘riqlash bilan bog‘liq kamchiliklar monitoring kuni-yoq bartaraf etildi.

Nukus shahar va Qonliko‘l tumani tibbiyot birlashmalari tarkibida tashkil etilgan hushyorxonalar uchun ajratilgan binolarning avariya holatida ekani sababli, ularni boshqa joyga ko‘chirish bo‘yicha Ombudsman taqdimnomasi kiritildi. Hozirda ushbu hushyorxonalarni ko‘chirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Shuningdek, Amudaryo tumani IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasiga o‘tkazilgan monitoring jarayonida kameradagi tabiiy yorug‘lik va ayrim zarur jihozlarning yetishmasligiga oid kamchiliklar joyida bartaraf etildi. Kameralarga hibsxonada saqlanayotgan shaxslarning o‘z huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtirildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi mintaqaviy filialida o‘tkazilgan monitoring davomida bemorlarni toza maishiy buyumlar bilan ta’minlash va ovqatlanishiga oid kamchiliklar bartaraf etildi. Shu bilan birga, bemorlarning ochiq havoda sayr qilish maydonini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.