Yangi shelter zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarga vaqtincha yashash joyini taqdim etish bilan birga, ularga psixologik, ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, markaz oilaviy nizolarni bartaraf etish, jabrlanganlarni jamiyatga qayta moslashtirish hamda ayollar va bolalarning ijtimoiy faolligini oshirishga ko‘maklashishni maqsad qiladi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish sohasida, xususan, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davlat va jamiyat hamkorligi tobora mustahkamlanayotganini qayd etishdi.
Mamlakatimizda zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, ularning barvaqt aniqlanishi va jabr ko‘rganlarga ko‘mak berish uchun tizimli himoya mexanizmlari yaratilmoqda va izchil takomillashtirilmoqda. Shu maqsadda bolalar va xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha qonun hujjatlari takomillashtirildi, ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirildi.
Ombudsman tomonidan 2025 yildan “Tenglik va hurmat” platformasi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur platforma orqali mamlakat bo‘ylab gender tengligini ta’minlash, zo‘ravonlikka uchragan ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning murojaatlarini o‘rganish va hal etish, mamlakatimizda yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan xotin-qizlarni xabardor qilish ishlari olib borilmoqda.
“Ayollar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash markazi”ning faoliyatga kirishi inson huquqlarini ta’minlash sohasida davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va nodavlat sektori o‘rtasidagi samarali hamkorlikning yorqin namunasi bo‘ldi. Bu tashabbus mamlakatda inson qadrini yuksaltirish va zo‘ravonliksiz jamiyatni barpo etish yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






 
                             
                             
                            
 
                             
                     
                                             
                                             
                                             
                                             
                                             
                                             
                             
                             
                             
                             
                                         
                                        