Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Sirdaryo viloyatida yopiq muassasalardagi sharoitlar o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha taqdimnoma kiritildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan viloyatdagi bir qator yopiq muassasalarda monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Tashriflar doirasida 8-son tergov hibsxonasi, 40-son manzil-koloniya, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxona, Guliston shahar vaqtincha saqlash hibsxonasi, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyati filiali hamda nogironligi bo‘lgan ayollar uchun mo‘ljallangan Sirdaryo “Muruqqat” uyidagi sharoitlar o‘rganildi.

Monitoring jarayonida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanayotgan yopiq muassasalarda yashash sharoiti, oziq-ovqat ta’minoti, tibbiy xizmat ko‘rsatish, mehnatga jalb etish, uzoq va qisqa muddatli uchrashuvlar uchun xonalar hamda murojaat qilish huquqini ta’minlash masalalari o‘rganildi. Shuningdek, kamera va binolarning sanitariya holati, videokuzatuv tizimlari, advokat va tergovchilar uchun xonalar ko‘zdan kechirildi.

8-son tergov hibsxonasida ayrim kameralar ta’mirga muhtoj ekani aniqlandi, ularning ba’zilarida ta’mir ishlari boshlangan. Monitoring vaqtida ikki nafar ayol mahbusning shaxsiy tartibdagi murojaatlari qabul qilindi.

40-son manzil-koloniyada “Kasbiy ko‘nikmalar” markazi tashkil etilgan bo‘lib, u issiqxona xo‘jaligi, parranda yetishtirish, asalari parvarishi, santexnika, nonvoyxona, elektrotexnika, tikuvchilik, sartaroshlik, quyosh panellari va isitish kollektorlariga xizmat ko‘rsatish kabi 11 yo‘nalishni qamrab olgan.

Shuningdek, 40-son manzil-koloniya mahkumlari mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan g‘isht ishlab chiqarish tsexidagi sharoitlar ham o‘rganildi. Tekshiruvda dush xonalari ta’mirga muhtoj ekani aniqlandi. Oziq-ovqat va yashash sharoiti bo‘yicha shikoyatlar kelib tushmagan.

Monitoring tashriflari davomida Ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan sayyor qabullar o‘tkazilib, shaxsiy suhbat o‘tkazish istagini bildirgan fuqarolarning murojaatlari qabul qilindi.

Guliston shahar vaqtincha saqlash hibsxonasida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli idoraga Ombudsman taqdimnomasi kiritildi. Boshqa muassasalarda qayd etilgan holatlar bo‘yicha ham tegishli choralar ko‘riladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati