Mazkur tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mahkum va mahbuslarga o‘z huquqlari, Ombudsmanga murojaat qilish tartibi, qiynoq va boshqa shafqatsiz muomalalarning oldini olish bo‘yicha mavjud kafolatlar, shuningdek jazo muddatini o‘tab bo‘lgandan keyin jamiyatga moslashish jarayonida foydalanishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy-huquqiy imkoniyatlar haqida tushunchalar berishdir.
Shu maqsadda “Ombudsman maktabi” platformasi doirasida Samarqand viloyatidagi 37-son Manzil koloniyasi, Sirdaryo viloyatidagi 40-son Manzil-koloniyasi, 8-son tergov hibsxonasi, Andijon viloyatidagi 3-son tergov hibsxonasi, Namangan viloyatidagi 6-son Jazoni ijro etish koloniyasi, Navoiy viloyatidagi 5-son Jazoni ijro etish koloniyasida mahkum va mahbuslar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda u yerlarda saqlanayotgan 400 nafarga yaqin ishtirokchilar qatnashishdi.
Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, hududiy Probatsiya boshqarmalari, Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy bo‘linmalari masʼul vakillari ishtirok etib, jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar, shu jumladan ozodlikka chiqish arafasidagi mahkumlarga kerakli maʼlumotlar yetkazildi. Xususan, Ombudsmanning yopiq muassasalarda inson huquqlariga rioya etilishini jamoatchilik nazorati orqali taʼminlash bo‘yicha vakolatlari, mahkum va mahbuslarning murojaat qilish huquqi, shuningdek murojaat etgan shaxsga nisbatan har qanday tazyiqlarga yo‘l qo‘yilmasligi haqida tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarga probatsiya tartibi, ozodlikka chiqqan fuqarolarga ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam turlari, tibbiy ko‘rikdan o‘tish, bir martalik moddiy ko‘mak olish hamda mavjud imkoniyatlar, “Jazoni ijro etish muassasalaridagi yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”, “Yoshlar bandligini taʼminlash, ularni ishga joylashtirish” mavzularida atroflicha tushuntirishlar berildi.
Muloqotlar davomida mahkum va mahbuslar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan murojaat qilib, tegishli huquqiy tushuntirishlar oldilar.
Tadbirlar yakunida sayyor qabullar tashkil etilib, mahkum va mahbuslarning murojaatlari qabul qilinib, joyida huquqiy tushuntirish orqali hal etildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






