Jizzax viloyatidagi 29-son manzil-koloniyada esa og‘ir ahvoldagi mahkum M.B.ga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilmagani haqida murojaat kelib tushdi.
Ma’lum bo‘lishicha, koloniya xodimlari kuzatuvida mahkum ikki kun davomida yuqori harorat va isitma bilan bir nechta tibbiyot muassasalariga olib borilgan bo‘lsa-da, birida to‘lov yoki yo‘llanma talab qilingan, ikkinchisi esa “o‘pka shifokori yo‘q” degan sabab bilan qabul qilmagan. Mahkum “chap o‘pka abssessi, ikki tomonlama pastki bo‘lak pnevmoniyasi” tashxisi bilan og‘ir ahvolda bo‘lgan.
Holat Ombudsman nazoratiga olinib, uning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan mahkum zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax filialiga olib borildi. Bemor zarur tahlillardan o‘tkazilib, statsionar davolanishga yotqizildi. Davo muolajalarini olib, koloniyaga qaytgandan so‘ng ham kerakli dori vositalari koloniya ma’muriyati tomonidan olib berilgan.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunining 30-moddasida fuqarolar sog‘liqni saqlash tizimining har qanday davolash-profilaktika muassasasida shoshilinch tibbiy yordam olish huquqiga ega ekani belgilangan.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2019 yil 23 martdagi 67-son buyrug‘i (Adliya vazirligida 2019 yil 20 mayda 3159-son bilan ro‘yxatga olingan) bilan tasdiqlangan Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning tibbiy-sanitariya ta’minoti bo‘yicha Qoidalarga muvofiq, manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan mahkumlarga JIEM joylashgan hududdagi davlat sog‘liqni saqlash tizimining barcha davolash-profilaktika muassasalari tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilishi, shuningdek, tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra statsionar sharoitda davolanishga muhtoj bemorlar belgilangan tartibda hududiy tibbiyot muassasalariga olib chiqilishi qayd etilgan.
Jizzax shahar IIB vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanayotgan Yu.Yu.ning himoyachisi uning sog‘ligi og‘ir ahvolda ekanligi va jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun 23-son mahkumlar uchun ixtisoslashtirilgan kasalxonaga etap qilinishida yordam so‘rab murojaat qilgan. Ombudsman talabnomasidan so‘ng mahbus Yu.Yu.ning sog‘ligi tibbiyot xodimi va maxsus tibbiy avtomobil kuzatuvida ta’minlandi.
Shuningdek, Namangan viloyatidagi 6-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan, 5 oylik homilasi bor ayol Z.M. Ombudsman mintaqaviy vakiliga tibbiy yordamga muhtojligi bo‘yicha murojaat qildi. Murojaat asosida ginekolog shifokor chaqirtirilib, ayolning to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi ta’minlandi.
Bundan tashqari, Ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan 40-son manzil-koloniyasida foydali mehnatga jalb etilgan mahkumlar bilan o‘tkazilgan sayyor qabul chog‘ida ikki nafar mahkum sog‘lig‘idan shikoyat qilgan. Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ulardan biri shifoxonaga yotqizildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






