Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Buxorodagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazidagi sharoitlar o‘rganildi
Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida monitoring o‘tkazdi. Mazkur markaz “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonun va Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 avgustdagi qarori asosida faoliyat yuritadi.

Markazning asosiy vazifalari – uch yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan nazoratsiz yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj voyaga yetmaganlarni kecha-kunduz qabul qilish, ularning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, takroran huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun individual profilaktik ishlarni amalga oshirishdan iborat. Shuningdek, markaz bolani qarovsizlikka olib kelgan sabab va sharoitlarni o‘rganib, bu haqda tegishli idoralarga xabar beradi. Zarur hollarda bolalar ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtiriladi.

Monitoring paytida markazda 6 nafar voyaga yetmaganlar saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi. Mintaqaviy vakil bolalarning ta’limga qaytishi, ijtimoiy moslashuvi, psixologik qo‘llab-quvvatlanishi bo‘yicha amaliy ishlar bilan tanishdi. Shu bilan birga, nazoratsiz qolish xavfi mavjud bo‘lgan bolalar bilan tizimli ishlashni kuchaytirish, markazdan chiqqan voyaga yetmaganlarning keyingi taqdiri ustidan ijtimoiy kuzatuvni ta’minlash, psixologik xizmatlar qamrovini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasiga muvofiq, Ombudsman harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarga, jumladan, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarida monitoring tashriflarini amalga oshiradi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati