Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qashqadaryoda zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarga huquqiy va psixologik ko‘mak ko‘rsatildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Tenglik va hurmat” platformasi doirasidagi navbatdagi tadbir Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Qashqadaryo viloyati hududiy markazida o‘tkazildi.

Tadbirda Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi raisi, Qashqadaryo viloyati adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi xodimi hamda psixolog ishtirok etdi.

Ayni vaqtda mazkur markazda 11 nafar ayol va ularning 15 nafar farzandi yashamoqda. Uchrashuv davomida ular bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, hayotida duch kelgan sinovlar, bugungi ehtiyojlari va kelgusi rejalari haqida suhbatlashildi. Qayd etilganidek, markazdagi ayrim ayollar allaqachon doimiy ish bilan taʼminlangan.

Muloqotda ishtirok etgan ayollardan biri markazda bo‘lgan davr uning hayotida ijobiy burilish yasaganini taʼkidladi. Uning aytishicha, hozirda xususiy korxonada qonuniy asosda doimiy ish bilan taʼminlangan, farzandlari esa bog‘cha va maktabga borishmoqda.

Shuningdek, suhbat davomida ayollarga zo‘ravonlik qurbonlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan huquqiy mexanizmlar, mavjud imtiyozlar hamda psixologik ko‘mak masalalari bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Ularning murojaatlari tinglandi.

Tadbir yakunida “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi homiyligida tayyorlangan esdalik sovg‘alari ishtirokchilarga topshirildi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati