Qonun loyihasida tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar uchun amaldagi ayrim tartib-qoidalarni qayta ko‘rib chiqish, ularning kundalik ehtiyojlarini ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan muhim normalar nazarda tutildi.
Xususan, tergov hibsxonalarida ushlab turilgan shaxslarga dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarida kamida ikki soat sayr qilish imkoniyatini berish, har oyda oziq-ovqat mahsulotlari hamda eng zarur buyumlarni xarid qilish uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir baravarigacha bo‘lgan summada mablag‘ sarflash huquqini belgilash, shuningdek dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarida kiyim-bosh va poyabzal olish nazarda tutilgan.
Ushbu qonunchilik taklifi qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan kiritilgan. Loyiha Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan o‘tkazilgan monitoring tashriflari, shuningdek, mahbuslar va ularning yaqinlaridan kelib tushgan murojaatlar tahlili asosida ishlab chiqilgan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






