Sayyor qabul davomida Rossiya Federatsiyasida joylashgan “Iqtisod oliy maktabi” milliy tadqiqot universitetida (НИУ ВШЭ) tahsil olayotgan 31 nafar o‘zbekistonlik talabaning murojaati ham qabul qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, universitet ma’muriyati tomonidan talabalarning migratsiya hisobiga turish uzaytirilishi qoidalari to‘g‘risida vakolatli organlarga o‘z vaqtida ma’lumot berilmagan. Oqibatda talabalar Rossiya Federatsiyasi hududida 90 kundan ortiq qolib ketgan va migratsiya qoidalari buzilgan deb baholanib, talabalar xabariga ko‘ra, 40 ming rubl miqdorida jarima ma’muriy jazosi to‘lashi talab qilingan.
Ushbu holat Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili tomonidan nazoratga olinib, Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Migratsiya xizmati bilan hamkorlikda tekshiruv o‘tkazildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, chet ellik talabalarning vaqtincha turish muddatlarini uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shuningdek, hududiy ichki ishlar organlariga ushbu talabalarga nisbatan jarima solish yoki Rossiya Federatsiyasi hududidan ma’muriy chiqarib yuborish kabi ma’muriy jazo choralarini istisno tariqasida qo‘llamaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Eng ahamiyatlisi, ushbu holat o‘z vaqtida hal etilmaganida talabalar Rossiya Federatsiyasi hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborilishi mumkin edi.
Ushbu ish ortidan nafaqat O‘zbekiston talabalarining, balki Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Moldova va Belarus davlatlaridan kelib ta’lim olayotgan 200 dan ortiq talabalarning ham muammolari ijobiy yechim topdi.
Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining ombudsmanga yo‘llagan xatida talabalar ko‘targan mazkur masala ijobiy hal etilgani ma’lum qilinib, ombudsmanlar o‘rtasidagi hamkorlik inson huquqlarini himoya qilishda amaliy natijalar berayotgani qayd etilgan
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






