Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qashqadaryodagi tergov hibsxonasiga navbatdagi monitoring tashrifi: qabul, tibbiy ko‘rik va psixologik mashg‘ulotlar
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan amalga oshirilayotgan monitoring tashriflar va kelib tushayotgan murojaatlar tahlili asosida Qashqadaryo viloyatidagi 5-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar uchun tibbiy ko‘rik, sayyor qabul va psixologik mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Mazkur tashabbus Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili hamda Qashqadaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida amalga oshirildi.

Tashrif doirasida, dastlab, hibsxonada saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan turmush sharoitlari, ovqatlanish, tibbiy xizmat ko‘rsatish holati, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi va boshqa masalalar o‘rganildi.

Shuningdek, malakali mutaxassislar — xirurg, travmatolog, nevropatolog, kardiolog, endokrinolog va ginekologlar ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazildi. Kasallik aniqlangan 3 nafar shaxs davolanish uchun tibbiy muassasalarga yuborildi.

Qarshi davlat universiteti psixolog o‘qituvchilari tomonidan, ayniqsa, voyaga yetmaganlar uchun axborot xurujlari, yot g‘oyalar va maʼnaviy tahdidlardan himoya qilishga qaratilgan psixologik mashg‘ulotlar hamda hayotda o‘z o‘rnini topishga yordam beradigan motivatsion treninglar tashkil etildi.

Shuningdek, saqlanayotgan shaxslar bilan yakka tartibda sayyor qabul o‘tkazilib, ularning murojaatlari eshitildi va huquqiy tushuntirishlar berildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati