Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Harbiy xizmatchilarning huquq va erkinliklarini ta’minlash – parlamentning doimiy nazoratida
Keyingi yillarda mamlakatimizda harbiy xizmatning nufuzini oshirish, harbiy xizmatchilarning va ularning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2018-yilda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasida davlat harbiy tashkilotini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida harbiy xizmatchilarni va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini amalga oshirishga doir yangi mexanizmlarni ishlab chiqish vazifasi belgilangan.

Qayd etish joizki, harbiy xizmatchilardan kelib tushayotgan murojaatlarning mazmuni, ko‘lami va ularda ko‘tarilgan masalalar hal etilganligi darajasi ushbu vazifalar ijrosini baholovchi sifat ko‘rsatkichlaridan biri bo‘lib hisoblanadi.

Joriy yilning 5-iyun kuni mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan harbiy xizmatchilarning murojaatlarini ko‘rib chiqish holati bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi. Shu bilan birga, harbiy xizmatni o‘tash uchun qulay va xavfsiz shart-sharoitlarni, zamonaviy infratuzilmani yaratish, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga munosib turmush sharoitini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.

Qo‘mita majlisida Harbiy prokuratura mas’ullari hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili ham so‘zga chiqib, ularga harbiy xizmatchilardan kelib tushgan murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar va ularning yechimi borasida bajarilgan ishlar haqida axborot berdi.

Shu bilan birga, tadbirda Davlat rahbarining 2023-yildagi “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan bir qator vazifalar hamda ularning ijrosi holati ham muhokamalar markazida bo‘ldi.

Muhokamalar davomida deputatlar harbiy xizmatchilarning bilim va salohiyatini oshirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarni tizimli ravishda hal etish borasida tavsiyalarni bildirdilar.

Eshituvda berilgan axborot, bildirilgan fikr va mulohazalar yakuni bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilinib, unda tegishli vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan bir qancha takliflar o‘z aksini topdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati