Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi: amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi: amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Parlament tadqiqotlari instituti hamkorligida o‘tkazilgan anjumanda deputat va senatorlar, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy sud sudyalari, ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari, olimlar, professor-o‘qituvchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Konferensiyani Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov kirish so‘zi bilan ochib, o‘tgan yili 30 aprelda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida xalqimiz o‘zining yuksak siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qilganini, Prezidentimiz konstitutsiyaviy islohotlarning ham tashabbuskori, ham ilhomlantiruvchisi bo‘lganini alohida qayd etdi.   

Taʼkidlanganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiya bilan O‘zbekistonda yangi ijtimoiy-siyosiy muhit shakllandi, davlat o‘ziga ulkan ijtimoiy-iqtisodiy majburiyatlarni oldi, mamlakat o‘zini ijtimoiy davlat sifatida eʼlon qildi. Inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlari tatbiq etildi. Davlat hokimiyatini tashkil etishning samarali yangi modeli joriy qilindi.

Konstitutsiyamizda muayyan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligidan yoki qabul qilinmaganligidan qatʼiy nazar, Bosh qomusimiz qoidalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini taʼminlash orqali demokratiya, inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlash mexanizmlari mustahkamlandi.

Inson huquqlari va erkinliklariga oid aniq normalar soni uch barobardan ziyod ko‘paydi. Fuqarolarning shaxsiy huquqlari keng ko‘lamli masalalarni qamrab olgan normalar bilan yana-da mustahkamlandi.

Maʼlum qilinganidek, Davlat rahbarining tegishli Farmoni asosida Asosiy qonunimizni amalga oshirish bo‘yicha Davlat komissiyasi tashkil etildi, 5 ta ekspertlik kengashlari tuzildi. 

Anjumandan so‘zga chiqqan, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari Bekzod NARIMANOV, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada shaxsni sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turish mumkin emasligi, odamlarning huquq va erkinliklarini cheklash bilan bog‘liq barcha harakatlarga faqat sud qarori asosida yo‘l qo‘yilishi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarning “sukut saqlash” huquqi, advokatlar maqomini tergovchi va prokuror bilan tenglashtirilishi, muhtoj fuqarolarga nafaqat jinoyat ishlari doirasida, balki fuqarolik, mehnat va boshqa sohalarda ham davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqi mustahkamlanganligini qayd etdi.

Tadbirda yangi tahrirdagi Konstitutsiyani izchil amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Uning mazmuni har bir davlat xizmatchisining kundalik faoliyatida, insonlar hayotida aniq aks etishi zarurligi qayd etildi. Mazkur jarayonda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini kengaytirishga kelishib olindi.

Muhokamalarda ishtirokchilar tomonidan aniq taklif hamda tavsiyalar bildirildi.