Qolaversa, Davlat rahbarining 2021 yil 11 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, Ombudsmanning eng ustuvor vazifalaridan biri sifatida aholi orasida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish sohasidagi xalqaro va milliy qonunchilik normalarini targ‘ib qilish, shuningdek, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish belgilangan.
Shu nuqtai nazardan respublika bo‘ylab aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
2023 yilning 21 iyul kuni Surxondaryo viloyati Angor tumani “Sharq guli” MFYda joylashgan tuman madaniyat uyida Yangi O‘zbekistonda mehnat munosabatlari, kambag‘allikni qisqartirish hamda xotin-qizlar va bolalarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoyasi masalalariga bag‘ishlangan “Ombudsman maktabi” tadbiri o‘tkazildi.
Qayd etish lozimki, Ombudsmanga yuborilayotgan fuqarolar murojaatlari tahlili aholining mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, ayollar, yoshlar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga belgilangan huquq va imtiyozlardan bexabar ekanliklarini ko‘rsatdi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Ombudsman instituti tomonidan murojaatlar hududlar kesimida tahlil qilindi va aholining huquqiy xabardorligini oshirishga zarurat bo‘lgan sohalar tanlab olindi.
“Ombudsman maktabi” loyihasini amalga oshirishdan maqsad –aholini mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi tub o‘zgarishlar to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishdan iborat. Sababi fuqarolar o‘z huquqlarini yaxshi bilmas ekanlar, ularni talab qila olmaydilar. Natijada qonun buzilish yoki uni chetlab o‘tish holatlari ko‘payishi mumkin.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati